Ilk safarga qanday tayyorlanish kerak
Oxirgi yangilanish
30 Apr 2023
Liniyada birinchi kunda nimalar olish va nimalarga tayyor turishni haydovchilardan yaxshiroq hech kim aytib bera olmaydi. Shu sabab tavsiyalar olish uchun xizmat buyurtmalarini anchadan beri bajarib kelayotganlarga murojaat qildik. Ularning javoblari ushbu maqolada jamlangan.
Yukxonaga nimalar solinadi
Majburiy toʻplam. Yoʻl harakati qoidalariga koʻra, avtomobilda tibbiyot qutichasi, nur qaytaruvchi nimcha, avariyaviy toʻxtash belgisi va oʻt oʻchirgich boʻlishi kerak. Ularsiz mashinadan foydalanib boʻlmaydi. Shuning uchun yukxonada bu buyumlar borligini albatta tekshiring.
Bolalar kreslosi yoki buster. Bolalarni mashinada faqat maxsus qurilmada tashishga ruxsat berilgan — bu yoʻl harakati qoidalarining talabi. talabi.
Foydalanuvchilar «Ekonom», «Komfort» va «Komfort+» tariflaridagi safarlarda bolalar kreslosi parametrini tanlashi mumkin.
Yordamchi vositalar. Qishda muz uchun choʻtka va kurakcha borligini tekshiring. Agar shahar tashqarisida yoki yoʻllar yomon boʻlgan tumanlarda buyurtmalar amalga oshirish ehtimoli boʻlsa, yukxonaga tros, yigʻma belkurak solib qoʻying. Ular mashina botib qolgan taqdirda kerak boʻladi. Rezina qoplamali qoʻlqopingiz boʻlsa ham durust.
Sovuq mavsumda ixcham ishga tushirish qurilmasi yoki boshlangʻich tok uzatishga moʻljallangan simlar boʻlgani maʼqul. Sovuqda akkumulyator oʻtirib qolsa, ular mashinani tez ishga tushirishga yordam beradi.
Salonda nimalar boʻlishi kerak
Salfetkalar, niqob va qoʻlqop. Salonning buyumlar saqlash boʻlmasiga bir qadoq nam salfetkalar solib qoʻying — ular tez tozalash: eshik tutqichlari, ostona, plastik qismlar va gʻiloflarni artish uchun qulay. Istasangiz, foydalanuvchilar uchun koʻrinadigan joyga quruq salfetkali quti qoʻyishingiz mumkin. Ular uchun bir martali niqob va qoʻlqoplarni oʻrindiq suyanchigʻidagi karmonga solib qoʻyishingiz mumkin.
Suv va termos. Oʻzingiz bilan stakandonga qulay oʻrnashadigan kichkiroq termos yoki termokrujka oling. «Komfort» va «Komfort+» tariflaridagi haydovchilar salonda foydalanuvchilar uchun suv olib yurishni tavsiya qiladilar — ayniqsa yozda. Tarif standarlari talab qilmasa ham, bu bilan yuqori baho va choy puli olish imkoniyatlari oshadi.
«Biznes» tarifi standartlari boʻyicha mashinada har bir ehtimoliy yoʻlovchi uchun suv boʻlishi zarur.
Telefon va aksessuarlar.
Yandex Pro uchun telefon. Haydovchilari boshqa koʻrsatkichlari bir xil boʻlgan holatda batareya hajmi kattaroq telefonni olishni maslahat beradilar. Quvvatlash simini uyda unutib qoldirsangiz ham, qurilma smena oxirigacha oʻchib qolishidan xavotirlanmaysiz.
Ayrim haydovchilar shaxsiy soʻzlashuvlar va yozishmalar uchun ikkinchi telefondan foydalanishadi. Chaqiruvlar tovushi foydalanuvchiga xalaqit bermasligi uchun uni vibratsiya rejimiga oʻtkazishadi yoki telefonni Bluetooth-garnituraga ulab qoʻyishadi.
Telefon uchun tutqich. Yaxshisi magnitlisini olish kerak — shunda odatda tutqich mahkamlanadigan havo yoʻli deflektori panjarasining sinishi ehtimoli kamayadi.
Videoregistrator. Uning videoyozuvlari yoʻl hodisalariga oid holatlar va foydalanuvchilar bilan ehtimoliy nizolarni koʻrib chiqishda yordam beradi, ikkita kamerali modellar toʻgʻri keladi.
Quvvatlash kabeli. Yandex Pro oʻrnatilgan qurilmangiz uchun kamida bitta kerak boʻladi. «Ekonom» tarifida foydalanuvchilarning telefonlari uchun salonda quvvatlash simlarini olib yurish talabi yoʻq. Lekin agar siz ularga bunday xizmatni taklif etsangiz, yuqori baho va choy puli olish imkoniyati oshadi. Ular uchun bir necha razyomli, bitta jgutga biriktirilgan shnur olish mumkin.
«Biznes» tarifi standartlari boʻyicha mashinada iPhone uchun Lightning va Android uchun Type-C kabellari boʻlishi kerak.
Mashinaning oʻzida quvvatlash uchun USB-port boʻlmasa, prikurivatelga qoʻyiladigan adapterni hozirlab qoʻying.
Birinchi kun arafasida nima qilish kerak
Toʻyib uxlab oling. Anchadan beri buyurtma bajaradiganlar eng koʻp beradigan maslahat. Koʻp haydovchilarning bizga aytishlaricha, ehtimol, haydovchining ishidagi eng muhim narsa kun tartibiga rioya qilish va toʻyib uxlash: ertalab soat 7 da liniyada bo'lishingiz uchun ertaroq uxlashga yoting.
Kiyim va poyafzalingizni tekshiring. Hali kiyib kengaytirilmagan poyafzalni kiymang, unda mashinada ketish va uni boshqarish qiyin boʻlishi mumkin. Kiyim qulay va yoqimli boʻlishi, harakatni qiyinlashtiruvchi boʻlmasligi kerak.
Qaytim uchun pul almashtirib oling. Tajribali haydovchilar hamyoningizda 1000 dan 5000 tengegacha boʻlgan 500 va 1000 tengelik, shuningdek, kichikroq kupyuralarni olib yurishni tavsiya qilishadi.
Mashinani tayyorlang. Kuzovni yuving va salonni tozalang, bakni toʻldirib oling, oyna yuvadigan suyuqlik quying, shunda ertalabdan bu ishlarga vaqt sarflamaysiz va darhol buyurtmalarni bajarishni boshlaysiz.
Ish kuni davomida nima qilish kerak
Ishlarni rejalashtiring. Biz bilan suhbatda boʻlgan haydovchilarning aksariyati dastlabki ish kunlari uchun reja tuzib olishni maslahat berishgan. Va erishsa boʻladigan maqsadlar qoʻyishni. Masalan, birinchi kun 3-4 soat buyurtmalar bajarish, keyingi kunlarda esa bir yarim-ikki soatga koʻproq liniyada boʻlish. Yoki oʻzingiz uchun buyurtmalar meʼyorini va uni har kuni oshirib borishni belgilab oling.
Ishni qachon boshlash va qanday yoʻl tutish kerak. Ertalabki tigʻiz soatlargacha bir nechta buyurtma bajarish uchun liniyaga 07:00 dan oldinroq chiqing. Ilk kunlarda buyurtmalarni sababsiz rad etmaslikka harakat qiling — barcha buyurtmalarni bajaring. Bu qisqa fursatda qulay ish rejimini shakllantirish va har bir hududdagi talabni tushunib olishga yordam beradi.
Haydovchilar endi ish boshlayotgan hamkasblariga bir joyda turib, buyurtma kutmaslikni maslahat berishadi. Qaysi hududlarda yuqori koeffitsiyentli buyurtmalar koʻproq boʻlishini Yandex Pro orqali kuzatib boring. Faqat tanish hududlar bilan cheklanmang — shahar boʻylab koʻproq harakatlaning. Shunda uni tezroq oʻrganib, A nuqtaga borishdagi eng murakkab tirbandliklarni aylanib oʻtadigan qisqa yoʻllarni kashf qilasiz.
Shoshilmang. Buyurtmani qabul qiling, marshrutni qisqacha oʻrganib chiqing va shundan keyingina buyurtmani bajarishga kirishing — mayda detallardagi mulohazakorlik adashmaslikka yordam beradi.
Doim toʻxtash uchun joy tanlang. A nuqtada mashinani shunday toʻxtatingki, foydalanuvchi uchun salonga oʻtirish qulay boʻlsin, yon atrofda loy va koʻlmaklar boʻlmasin. Yakuniy manzilda ham shunday yoʻl tuting. Agar foydalanuvchi taqiqlovchi belgi ostida toʻxtashni iltimos qilayotgan boʻlsa, unga bu yerda toʻxtash mumkin emasligini tushuntiring va yaqinroqda — qoida boʻyicha toʻxtash mumkin boʻlgan joyda tushishni taklif qiling.
Foydalanuvchilar bilan oʻzaro munosabat. Foydalanuvchi qanday kayfiyatda ekanligidan qatʼi nazar, xushmuomala boʻling: u bilan albatta salomlashing va xayrlashishni ham unutmang. Foydalanuvchiga imkon qadar koʻproq oʻz yordamingizni taklif qiling, masalan yukiga yordamlashishni. Belgilangan manzilga kelar ekan, doim undan qayerda tushish qulay boʻlishini soʻrang.
Charchoqni yigʻmang. Charchoqning ilk belgilari paydo boʻlishi bilan ishni tugating va uyga boring. Ertaga ham yana bir ish kuni boʻladi, unga tayyorlanib olish uchun ham sizga vaqt kerak.