Safarga oid alohida talab-istaklar
Oxirgi yangilanish
16 Oct 2023
Endi imkoniyati cheklangan yoʻlovchilarning istaklarini buyurtma kartochkasida koʻrish mumkin. Xizmatda yoʻlovchi zarur hollarda tanlay oladigan parametrlar bor — masalan, foydalanuvchi koʻzi ojiz va mashina qidirishda yordamga muhtoj boʻlsa.
Agar foydalanuvchi qaysidir parametrni tanlaydigan boʻlsa, u haydovchida buyurtmaga izoh sifatida koʻrinadi.
«Koʻzi ojiz yoki imkoniyati cheklangan odam — taksi topishga yordam bering
Yordamga turli yoʻlovchilar muhtoj boʻlishi mumkin. Masalan, yaxshi koʻrmaydigan yoki koʻzi ojiz foydalanuvchi mashina rangi va raqamini koʻrmaydi, eshik tutqichini topishga qiynaladi — unga koʻmaklashib yuborish kerak. Nogironlar aravachasida yuradigan yoʻlovchiga ham mashinani topish va uning oldiga borishda yordam kerak boʻlishi mumkin.
Koʻrish qobiliyati cheklangan odamni oq hassa yoki qora koʻzoynaklardan bilib olish mumkin. Agar yoʻlovchi uni qanday va qayerdan topish kerakligi haqida izoh qoldirmagan boʻlsa, unga telefon qiling. Soʻng quyidagicha ish tuting:
Mashinani imkon qadar yoʻlovchiga yaqinroq joyga qoʻying. Mashinaga olib boruvchi yoʻl xavfsiz ekaniga, baland bordyurlar va boshqa toʻsiqlar yoʻqligiga ishonch hosil qiling;
Yoʻlovchining koʻz ojiz boʻlsa, uning oldiga borib, salomlashing va qoʻliga yengil tegining. Uning mashinaga oʻtirish uchun yordamga ehtiyoji bor-yoʻqligini soʻrang: Assalomu alaykum, men taksi haydovchisiman. Mashinaga oʻtirishingizga yordamlashaymi?
Yoʻlovchining mashina oldiga borishiga yordamlashish uchun qoʻlini yelkangizga qoʻyishini taklif qiling — shu tarzda ortingizdan yurishi mumkin. Salonga oʻtirish kerakligini bildirish uchun uning bilagidan tutib, eshik tutqichi oldiga keltirish mumkin.»
Safar yakunlanishidan bir-ikki daqiqa oldin yoʻlovchiga tez orada manzilga yetib kelishingizni ayting.
Safar oxirida toʻxtagan joyingiz haqida batafsil maʼlumot bering, atrofda qanday moʻljallar borligini ayting. Masalan, «Hammasi uy uchun» doʻkoni oldiga keldik. Shu yerda tushasizmi?
Koʻzi ojiz yoʻlovchi naqd pul bilan hisob-kitob qiladigan boʻlsa, safar narxini va qaytim summasini ayting;
Mashinadan chiqishda toʻsiqlar yoʻqligini tekshiring, yordam taklif qiling.
Yoʻlovchi salonda hech narsani unutib qoldirmaganiga ishonch hosil qiling.
«Faqat yozishaman»
Bunday parametrni tanlagan yoʻlovchi eshitish yoki nutqida nuqsoni boʻlishi mumkin. Buyurtma tafsilotlarini aniqlashtirish uchun unga telefon qilish kerak emas — safar oldidan chat orqali yozgan maʼqul.
«Gapira olmayman, ammo eshitaman»
Agar yoʻlovchi shunday parametrni tanlagan boʻlsa, uning nutq bilan bogʻliq nuqsoni boʻlishi mumkin. Bunday yoʻlovchi savolingizni eshitadi, ammo matn orqali javob beradi.
«Nogironlararavachasida boʻlaman»
Agar foydalanuvchi bu parametrni tanlagan boʻlsa, izohlarda quyidagi yozuvni koʻrasiz: «Nogironlar aravachasida boʻlaman. Mashinaga oʻtirishda yordam kerak, yukxona boʻsh boʻlishi lozim».
Nogironlar aravachasida odamlarga shaharda harakatlanish oson emas va mashinaga joylashish uchun ham koʻproq vaqt kerak boʻlishi mumkin. Safar siz va yoʻlovchi uchun yaxshi oʻtsin desangiz, bir nechta qoidalarga rioya qiling:
Aravachadagi odam xavfsiz va qulay yetib kela olishi uchun mashinani imkon qadar unga yaqinroq joyga qoʻying.
Aravachadan tushib mashinaga oʻtirishda yordamlashish, aravachani yukxonaga olib qoʻyish kerakmi, deb soʻrang. Yoʻlovchiga kimdir hamrohlik qilayotgan boʻlishi mumkin, lekin ularga baribir yordam taklif qilish kerak.
Yukxona boʻshligini tekshiring. Yoʻlovchini salonga chiqarishda yordam bering va aravachani yukxonaga orting.
Mashinangiz yukxonasida gaz ballon boʻlsa, aravachani taxlangan holatda orqa oʻrindiqqa joylash mumkin. Ayrim aravachalar qismlarga ajraladi va hatto ballon bilan jihozlangan yukxonaga ham sigʻadi. Yaxshisi, yoʻlovchini mashinangizga gaz jihozi oʻrnatilgani haqida chatda avvalroq ogohlantirib qoʻying.
Aravachani qanday yigʻish kerakligini, masalan gʻildiraklar qanday boʻshatilishini aniqlashtiring. Ayrim aravachalarda ogʻir elektrik blok boʻladi, uni kreslodan ajratib olib, yukxonaga joylash zarur.
Yoʻlovchi mashinada qulay oʻtirganiga ishonch hosil qiling;
Safar oxirida ham yordamingizni taklif qiling.
Yoʻlovchi muloqot qilishga qiynalishi mumkin, bunday holatda uni diqqat bilan tinglash lozim. Sabr bilan uning jumlani tugatishini kuting. Jumlani tushunmagan boʻlsangiz, qayta soʻrashdan uyalmang.
Harakatlanishida jiddiy nuqsoni bor ayrim odamlar gapirishga ham qiynalishi mumkin. Ularning sizning aytganlaringizni yaxshi tushunishi mumkin, ammo gapirish ular uchun qiyin boʻlishi mumkin. Bunday holatda ular «Faqat yozishaman» yoki «Gapira olmayman, ammo eshitaman» parametrini tanlashi mumkin.
Aravachani yigʻish yoʻriqnomasi Yandex Pro ilovasida Profil → Foydali maslahatlar ruknida bor.
Nogironlar aravachasi yukxonaga sigʻmayotgan boʻlsa, buyurtmani bekor qilib, yordam xizmatiga yozing.